
Bugun BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti – FAOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tomonidan mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi sohasida gender tengligini taʼminlash masalalariga bagʻishlangan anjuman boʻlib oʻtdi.
Unda taʼkidlanganidek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan birgalikda “O‘zbekistonda qurg‘oqchilikka uchragan ekotizimlardagi o‘rmonlar va yaylovlarni barqaror boshqarish” GCP/UZB/020/GFF loyihasini amalga oshirmoqda.



Mazkur loyiha doirasida “Hech kim ortda qolmasligi kerak” tamoyili asosida Qishloq xo‘jaligi vazirligining agrar sohani rivojlantirishda gender yondashuvlarini joriy etish bo‘yicha Strategiyasi ishlab chiqildi. Ushbu hujjat barcha uchun teng imkoniyatlarni ta’minlash, qishloq xo‘jaligi resurslarini barqaror boshqarish hamda qaror qabul qilishda ayollar ishtirokini oshirishga qaratilgan.
Shuni aytib o‘tish kerakki, anjumanning ikkinchi qismi tematik sessiyalar ko‘rinishida davom etdi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Respublika oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti kabi gender tengligini ta’minlashga aloqador idora va tashkilotlar vakillaridan iborat birinchi guruh Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2030-yilgacha gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha strategiyasi loyihasini muhokama qilishdi. Unda mutaxassislar Strategiya loyihasi yetakchi milliy va xalqaro ekspertlar, jumladan, FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy vakolatxonasi mutaxassislari ishtirokida tayyorlanganini ta’kidlash bilan birga, uni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun o‘z takliflarini o‘rtaga tashlashdi.



Qishloq xo‘jaligi vazirligi va uning tizim tashkilotlari vakillari hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning yurtimizdagi vakolatxonasi mutaxassislaridan iborat ikkinchi guruh yaylovlarda yerga egalik qiluvchilarning huquqlarini mustahkamlash (VGGT)ning ahamiyati, shuningdek, neytral yer degradatsiyasi (LDN) ko‘rsatkichlari va ularning tuproq eroziyasi, sho‘rlanishi hamda tuproqdagi organik uglerod (SOC) kabi omillarning ta’siri muhokama qilishdi.
Shuningdek, yaylovlardan oqilona foydalanish, ularni monitoring qilish va boshqarishning zamonaviy usullarini joriy etishga qaratilgan tadqiqotlar hamda O‘zbekistonda yaylov xo‘jaligini raqamlashtirishga bag‘ishlangan loyihalar taqdimoti ham o‘tkazildi.



