Ushbu kunni o‘tkazish BMTning 1995-yilda Pekinda o‘tkazilgan 4-Ayollar anjumanida ilk bor taklif qilingan. Sababi qishloq ayollarining zaxmatli mehnati, har qanday sharoitda oila yumushi, farzand tarbiyasi, ro‘zg‘or muammosi dunyo hamjamiyatining e’tirofiga loyiq bo‘lganidandir.

Hatto eng rivojlangan davlatlarda ham ular uy ishlaridan ortib dala yoki o‘z tomorqasida mehnat qiladi, aholi uchun zarur oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishga hissa qo‘shadi.
Shu bois ham, BMT mazkur kunda qishloq hududlarida istiqomat qiluvchi ayollarning muammolariga e’tibor qaratishga, xususan, ularning ta’lim olishi, mehnat qilishi, farovon turmush kechirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, zo‘ravonlik va tazyiqdan himoyalash, gender tenglikni ta’minlashga chaqirgani ayni haqiqat.
Ma’lumot uchun, ushbu bayram 2007-yilda BMT Bosh Assambleyasining 2007-yil 18-dekabrdagi 62/136-sonli rezolutsiyasi bilan rasman tasdiqlangan. Ushbu rezolutsiya qishloq ayollarining, jumladan tub xalqlarga mansub ayollarning muhim rolini va ularning qishloq xo‘jaligi va qishloq joylari rivojlanishini jadallashtirish, oziq-ovqat xavfsizligi darajasini oshirish va qishloq joylarida nochorlikka barham berishdagi hissasini tan oladi. Ayniqsa, qishloq ayollarining ijtimoiy-iqtisodiy hayotda faolligi ortib borayotgani jamiyatda ularning mehnati nechog‘li qadrli va ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.

