CIMMYT vakillari – O‘zbekiston olimlari bilan xalqaro ilmiy hamkorlik yo‘lida

Xabaringiz bor, ayni kunlarda yurtimizda bo‘lib turgan CIMMYT – Xalqaro makkajo‘xori va bug‘doyni takomillashtirish markazi (International Maize and Wheat Improvement Centre) vakillari Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi ilmiy muassasalar faoliyati bilan yaqindan tanishmoqda.

Tashrif davomida xalqaro tajriba almashinuvi, ilmiy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va istiqbolli loyihalar yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.

Mehmonlarning navbatdagi manzili O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti bo‘ldi. Bu yerda institut olimlari tomonidan g‘allachilik sohasida olib borilayotgan zamonaviy ilmiy tadqiqotlar taqdim etildi. Jumladan, bug‘doyning zang kasalliklariga chidamliligini aniqlash, markerlarga asoslangan seleksiya uslublari, shuningdek, CRISPR/Cas texnologiyasining seleksiya jarayoniga tadbiqi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar namoyish qilindi.

Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, qishloq xo‘jaligini innovatsion va ilmiy asosda rivojlantirish, mavjud ilmiy salohiyatdan samarali foydalanish borasidagi masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Tashrif davomida institutning yosh olimlari bilan alohida muloqot tashkil etildi. Unda yosh mutaxassislarga ilmiy salohiyatni mustahkamlash maqsadida dunyoning yetakchi ilmiy markazlarida o‘quv-amaliy dasturlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.

Xalqaro ilmiy hamkorlikning bunday faollashuvi mamlakatimizda ilm-fan va innovatsiyalar asosida rivojlanayotgan qishloq xo‘jaligi sohasi uchun muhim zamin bo‘lib xizmat qiladi.

Прокрутить вверх