
Bugungi «Doktorantlar kuni» seminari taqdimotchisi O’simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti 1-bosqich tayanch doktoranti Jadra Tuvganbayeva. U «Marjumakning xorijiy kolleksiya namunalari morfo-fiziologik va biokimyoviy xususiyatlari» mavzusida olib borayotgan tadqiqotining ilk natijalari bilan ekspertlarni tanishtirdi.
Marjumak (grechka)dan tayyorlanadigan ovqatlar bugun ratsionimizdan mustahkam o’rin egallagan. Ushbu mahsulot parhezbop va dorivor xususiyatga ham ega. Yosh doktorant Rossiya, Bolgariya, Koreyadan keltirilgan namunalarni tadqiqot obyekti sifatida tanlab, nazorat navi sifatida Qozon navidan foydalangan.



🕯O’z oldiga 8 bosqichli tadqiqotni vazifa qilib olgan Jadra Tuvganbayeva, ayni vaqtga qadar marjumak urug‘larining laboratoriya va dala sharoitida unuvchanligini aniqladi.
Tadqiqot davomida Koreyadan keltirilgan 18 ta namuna nazorat navga nisbatan yuqori ko‘rsatgichni, 5 ta namunada esa past ko‘rsatgich qayd etilgan. Unuvchanligi 100 foiz bo’lgan 24 ta namunada unish kuchi indeksi 1420-2370 oralig‘ida ya’ni yuqori qiymatga ega bo‘lgan. Urug‘larning unish kuchi indeksi tahliliga ko‘ra, marjumak navlarining genotip va urug‘ sifati turlicha ekanligi, unish kuchi 283-2370 oralig‘ida bo‘lib, nazorat o‘simliklarda 958,0 ga teng bo‘lganligi qayd etildi.



Kelib chiqishi turli hududlarga mansub marjumak namunalarining urug‘ unuvchanligi va unish kuchining nazorat navidan yuqoriligi, o‘rganilgan namunalarning 61,1 foizda yuqori ko‘rsatkichning namoyon bo‘lishi milliy genofodda saqlanayotgan marjumak namunalarining aksariyati texnologik quvvatli marjumak urug‘lari ekanligi aniqlandi.